24.09.2013

SHOKOLAD GEOSIYOSATGA ARALASHGANDA…

Geosiyosatda ta`sir ko`rsatish uchun foydalaniladigan instrumentlar talaygina: harbiy kuch, iqtisodiyot, mafkura va hokazo. Lekin shokolad geosiyosiy instrument bo`lganini eshitganmisiz? Unday bo`lsa, bizga quloq tuting.



(Ushbu maqola ilk bor blogimiz bosh tahlilchisi tomonidan Xitoyda asoslangan Global Times tahliliy-xabar saytida chop etilgan. Maqolaning aslini mana bu yerda o`qishingiz mumkin. )

Odatda Rossiya va Ukraina o`rtasidagi iqtisodiy qarama-qarshiliklar qishda – gaz yuzasidan kechadi. Biroq joriy yilning o`rtasidan buyon Ukrainaning yirik qandolatchilik firmasi – Roshen mahsulotlari Rossiyada taqiqlab qo`yilishi ortidan ikki qo`shni davlat shokolad urushida kuch sinashmoqda.  

Ukrain shokoladi importiga taqiq iyul oyining so`nggida Rossiya Sog`liqni Saqlash Vazirligi tomonidan qo`yilgan edi. 21-sentyabr kuni Yaltada bo`lib o`tgan konferensiyada Roshen asoschisi Poroshenko va prezident Putin maslahatchisi Sergey Glaziev o`rtasidagi ochiq munozara shokolad inqirozi va tijoriy urush o`z cho`qqisiga chiqqanidan dalolat beradi.

Rossiya nega Roshen mahsulotlari importini taqiqlab qo`ydi?

Taqiq haqidagi rasmiy bayonotga ko`ra, Roshen tomonidan sanitariya normalari davomiy buzib kelingan va Rossiyada sotilgan firma mahsulotlarida hayot uchun xavfli kimyoviy qo`shimcha – benzopirin topilgan. Roshen esa bu ayblovlarni keskin rad etib, firma faoliyatining so`nggi 15 yili davomida iste`molchilarning har bir shikoyati sinchkovlik bilan o`rganilib kelinganini da`vo qilmoqda.  

Muzokaralar davom etayotgan bo`lsada, Roshen mahsulotlari hanuz Rossiya peshtaxtalarida paydo bo`lmadi.

Roshen yillik 450,000 tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega va 200 turdan ortiq shirinlik turi bilan savdo qiladi. Firma jahondagi 15-qandolatchi hisoblanadi. Shirinliklar asosan Sobiq Ittifoq davlatlari va Shimoliy Amerikaga eksport qilinadi. Shu vaqtgacha kompaniyaning Rossiyadagi daromadi ikki baravarga o`sgan edi. Biroq taqiq amalda ekan, to`rtinchi chorakkacha Roshen 200 mln AQSH dollari miqdorida zarar ko`rishi tahmin qilinmoqda.

Taqiqlov sabablaridan yana biri firma asoschisi va rahbari Poroshenkoga borib taqaladi. Poroshenko 2004-yili Ukrainada bo`lib o`tgan “Norinj Inqilobi”ning qo`llab-quvvatlovchilaridan biri sanaladi. Inqilobdan so`ng uning siyosiy qarashlari nisbatan o`zgargan bo`lsada, Poroshenko Rossiyaga qarshi agressiv qarashlari bilan e`tiborga tushgan.

Boshqa bir sabab – Rossiya shunchaki o`z ichki bozorini muhofaza qilishga intilyotganligi ham bo`lishi mumkin. Bundan tashqari taqiqqa rasmiy Kiyevning rus avtomobillari importiga nisbatan boj to`lovining oshirganligi sabab bo`lganligi, Rossiya shunchaki javob zarbasi berganligi haqidagi tahminlar ham keng muhokama qilinmoqda.


Ta`kidlab o`tish lozimki, Roshenning asosiy xaridorlari hisoblanuvchi Markaziy Osiyo va Kazkaz davlatlari, shuningdek, Moldaviya hamda Belorussiya o`z hududida sotilayotgan kompaniya mahsulotlari sifat talablariga to`liq javob berishini ma`lum qilishgan.

Va nihoyat, taqiq borasidagi yana bir ehtimollik – bu Rossiya-Ukraina o`rtasidagi kuchlar muvozanatidir. So`nggi vaqtlarda Ukraina Yevropa Ittifoqi bilan erkin savdo shartnomasi imzolashga intilib kelmoqda. Basharti Ukraina bunga muvaffaq bo`lgudek bo`lsa, bu Rossiya uchun jiddiy yo`qotish bo`ladi, ya`ni Moskva o`z tashqi bozorlarining biridan ayriladi.

Shundan kelib chiqib, Rossiya iqtisodiy bosim orqali Ukrainani tarkibida Belarussiya va Qozog`iston bo`lgan bojxona ittifoqiga qo`shishga urinayotganligini tahmin qilish mumkin. Roshen mahsulotlarini taqiqlash orqali Rossiya Ukrainaning YIga intilishidan ogohlantirayotganini anglash qiyin emas.

Rossiya va Ukraina umumiy tarix va madaniyatga ega. Qizil Imperiya davrida Ukraina ittifoqning ikkinchi muhim a`zosi hisoblanar edi. Sovet Ittifoqining qulashi ortidan Rossiya sobiq a`zolar ustidan ta`sirini tiklashga urinib kelmoqda. Paradoks tarzda, Rossiyaning bu intilishiga qarshi jiddiy zarba uning yon va eng yaqin qo`shnisi – Ukraina tomonidan berildi. 2004-yildagi inqilob natijalaridan esa Rossiyaning ko`ngli to`lmadi, Moskva istagan kuchlar hokimiyatga kelmadi.

Bugungi kunda Ukraina o`z suverenitetini da`vo qilgan holda, Yevropa Ittifoqi tomon talpinmoqda. Rossiya bunga toqat qilolmasligi tayin.

Shu sababli Kiyev har ikki taraf bilan aloqani iliq saqlab qolishga urinmoqda. O`z navbatida rasmiy Kiyev Rossiya va Yevropa Ittifoqi o`rtasidagi raqobatni qoralab, o`rtadagi savdo aylanmasi 2012-yil avgustida Rossiya qo`shilgan Jahon Savdo Tashkiloti o`rnatgan prinsiplarga asoslanishi ta`kidlab kelyapti.

Ukrainaning chaqiriqlariga qaramay Rossiya bosimlarni to`xtatmayotir. Mamlakat chegaralarida Ukrain tovarlariga nisbatan tekshiruv avgust oyidan beri kuchaygan. Bundan tashqari Rossiyaning bosimi ostida Belorussiya va Qozog`iston Ukraina bilan savdo aloqalarini to`xtatishi yoki turli cheklovlar e`lon qilish ehtimoli ham yo`q emas. Agarda Shokolad Inqiroziga vaqtida yechim topilmasa, Ukraina eshik qoqib kelayotgan qishda sovuq qotib qolishi turgan gap. 

Комментариев нет:

Отправить комментарий