24.08.2013

MISRNING KELAJAGI QANDAY: 3 FARAZ

Muborak hukumati ag`darilgandan o`tgan ikki yil davomida Misrda demokratiyani qanday qurish masalasi kun tartibining eng yuqori pog`onasidan tushmay keldi. O`tgan davr mobaynida “demokratiya” shunchalik rivojlandiki, hurfikrlilik tufayli dunyoning eng katta arab millati bir-birning qonini to`kib, fuqarolik urushi tomon odimlamoqda.




Musulmonlar Birodarligi va Misr kuchishlatar tizimlari o`rtasidagi qonli ihtilofni jahon OAVlari tinimsiz yoritib borishmoqda. Shu sababli biz voqealar rivojiga to`xtalib o`tirmay, keying bosqichlar haqida fikrlashib ko`ramiz.

Xo`sh, Misrda davom etayotgan qonli voqealar millatni nimaga yetaklaydi? Voqealar rivoji, undagi guruhlarning manfaat-talablarini hisobga olib, 3 farazni ilgari surish mumkin.

1. Yarashuv. Ikki oydan ziyodroq vaqtki, harbiylar hokimiyatni o`z qo`llarida saqlab kelishmoqda. 1928-yildan buyon taqiqlar, cheklovlar va taqiblardan omon qolib kelayotgan Musulmonlar Birodarligi esa yana bir bor tahdidga uchraganiga qaramay, yashab qolish uchun jon-jahdi bilan tirishmoqda.

Garchi amalda unchalik qudratga ega bo`lmasada, Musulmonlar Birodarligining mamlakat aholisiga ta`siri katta. Shu sababli harbiylar harakatni hali-beri butunlay yo`q qilib tashlasha olishmaydi. Misrda barqarorlik to`la izdan chiqib ketmasligi uchun har ikkala kuch ham saqlanib qolish lozim.

Bundan tashqari harbiylar va`da qilayotgan erkin saylovlar masalasi ham hozir ortiqcha. Sababi har ikki qudrat bir murosaga kelmas ekan, saylovlar qanchalik erkin va adolatli o`tmasin, biror natijaga erishish qiyin bo`ladi

Bularning hammasini hisobga olgan holda tomonlar, mamlakat va millat haqqi, yarashuv imzolashlari lozim. Lekin buning imkoni bormi?

Xalqaro maydondagi ko`pchilik tahlilchilar, tahlil markazlari bu borada pessimistik fikr bildirishmoqda. Voqealarni kuzatar ekanmiz, biz ham bunga amin bo`lamiz. Go`yo bir millatdan yetishib chiqqan ikki lager bir-birining qonini ichib bo`lmaguncha ko`ngli tinchimaydigandek…

Tomonlarni murosaga keltirish uchun yagona yo`l – bu xalqaro bosimdir. Tashqi ta`sirsiz ularni muzokara stoliga o`tqazish imkonsizdek ko`rinmoqda.

2. Harbiy boshqaruv. Shundoq ham ikki oydan beri harbiylar qo`lida qolib kelayotgan Misr boshqaruvi bundan keyin ham shu holda saqlanib qolishi mumkin. Harbiylar uzoq vaqt davomida mamlakat hayotida katta rol o`ynab kelishgan. Ularda qudrat cheksiz. Ular namoyishlarni shafqatsiz bostirib, barqarorlikni qaror topdirishlari mumkin.

Bundan tashqari harbiylarni AQSH boshchiligidagi qator G`arb davlatlari qo`llashmoqda. AQSH hanuz Misrda harbiy to`ntarish yuz berganligini tan olmay, haqiqatga ko`z yummoqda. Buning sababi, AQSH qonunlariga ko`ra, harbiy to`ntarish yuz bergan biror davlat bilan aloqa uzilishi lozim. AQSHning bunday “hotamtoylik”i harbiylar kuchiga kuch qo`shishi turgan gap.

Hattoki, Muborak davrida harbiy boshqaruvga e`tiroz bildirgan aksariyat misrliklar iyundagi to`ntarishni yoqlab chiqishdi. Hozirda harbiylarni qo`llayotganlar aholining salmoqli qismini tashkil qiladi.

Ammo, tarixdan ma`lumki, biror mamlakatda harbiylar boshqaruvga kelganda ijtimoiy-iqtisodiy hayotda katta progresslarni kuzatish mushkul. Bu esa ma`lum vaqtdan keyin misrliklarning harbiylarga nisbatan fikri o`zgarib qolishiga sabab bo`lishi mumkin.

3. Fuqarolar urushi. Fuqarolar urushi Arab Bahori “kezib” o`tgan mamlakatlarda kuzatilgan eng ko`p holdir. Suriya fuqarolar urushining eng kritik nuqtasida, Liviya allaqachon bu jarayonni boshdan kechirib bo`ldi. Yamanliklar esa past darajada bo`lsada, yangi prezident siyosati borasida ikki lagerga ajralib ketishgan. Xo`sh, bu davlatlar Misrni ham o`z “saf”lariga qo`shadilarmi?

Iyundan beri davom etayotgan voqealarga nazar tashlasak, Misrda ham bu jarayon allaqachon boshlangandek tuyuladi bizga. 3-iyuldagi xavfsizlik kuchlari va namoyishchilar o`rtasida yuz bergan qonli to`qnashuv fuqarolar urushi boshlanganidan darak berdi, go`yo. Bu xunrezlikda qariyib 600 odam xalok bo`lgani butun dunyo matbuotida tilga olindi.

Biroq oradan o`tgan bir yarim oy vaqt xavotirlarni biroz pasaytirdi. Misr hali fuqarolar urushi chegarasini kesib o`tmaganini ko`pchilik tahlilchilar ta`kidlashdi.

Xunrezliklar yuqori bosqichga ko`tarilib ketmaganining asosiy sababi tomonlar o`rtasidagi katta tengsizlikdir. Harbiylar tish-tirnog`igacha qurollangan bir paytda, Birodarlik va tarafdorlari qo`lida o`tochar qurollar mavjud emas. Xuddi shu tengsizlik Misrni qonga botishdan saqlab turibdi.

1990-yillarda Islamistlarning Muborakni o`ldirishga urunishi va qator sayyohlik markazlariga xujumlardan so`ng, rejim mamlakatdagi qurollar ustidan qattiq siyosat o`rnatgan, aholi tom ma`noda “qurolsizlantirilgan” edi.


Xavotirlanarlisi, bu tengsizlik nisbiy bo`lib, tomonlar bir to`xtamga kelmas ekan, fuqarolar urushi xavfi saqlanib qolaveradi. 

Комментариев нет:

Отправить комментарий