22.11.2012

G'azo va Isroil to'qnashuvlari, voqealar ustidan qisqa tahlil.

21-noyabr Misr Tashqi Ishlar vaziri Muhammad Komil Amir Isroil va Hamas o'rtasida o't ochishni to'htatish haqida kelishuv tuzilganini e'lon qildi, bu kelishuv G'azo vaqti bilan 19:00 dan amalga kiritildi.

"AQSh bugungi tuzilgan kelishuvni olqishlaydi, kelajakda AQSh regiondagi partnerlar bilan bu tinchlik bitimini mustahkamlash bo'yicha birgalikda ish olib boradi" deydi Hillari Klinton o'zining Qohiradagi bergan bayonotnomasida.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netenyahu AQSh prezidenti Barak Obama bilan telefon orqali suhbatidan so'ng, Misrning kelishuv haqidagi taklifiga "G'azoga yana bir marta imkon berish" sharti bilan rozilik berdi.
O'z navbatida AQSh prezidenti janob Netenyahuga Misr tomonidan qilingan taklifni qabul qilganligi uchun o'z minnatdorchiligini bildirdi.





G'azoliklar va Isroilliklar o't ochish to'htatilganini nishonlashmoqda

14-noyabrda boshlangan va bir haftalik muddat davom etgan ushbu to'qnashuvda G'azoliklardan 140 tasi nobud bo'ldi, 1000ga yaqin kishi yaralandi, Isroil tomondan 5 kishi halok bo'lib. To'qnashuvlar asosan ikki tomonning bevosita yuzma yuz janglarisiz, asosan Isroil tomondan havo kuchlari orqali qilingan bo'lsa G'azo tomonidan o'rta va uzoqni mo'ljalga oluvchi raketalar orqali amalga oshirildi. Shunga qaramasdan Isroil o'zining qo'shinlarini mamlakatning janubida favqulodda holatni eng yuqori darajada ushlab turdi. Harbiy hujumlarni qo'shinni G'azoga kiritilishi orqali amalga oshirilishi haqida habarlar tarqalgandan keyin, Hamas Isroilga qisqa videolavha orqali Isroil qo'shinlari G'azoga kiritilgan holatda uning qo'shinlari garovga olinishini aytib ogohlantirdi, ertasi kuni Isroil axborot agentliklari orqali mamlakatning ma'suliyatli shaxslaridan biri G'azoga quruqlik orqali yoppasiga hujum uyushtirilish rejasi vaqtinchalik orqaga surilganini e'lon qildi. 


G'azo hududidan Isroilga otilgan raketalar grafigi 


 To'qnashuv tarixiga nazar solsak G'azo hududidan otilgan raketalar son jihatidan Isroil hujumlaridan bir muncha ko'proqdir, lekin shunga qaramay Isroil tomonidan atigi 5ta qurbon berilgan, ho'sh buni asl sabablari nimada?

Ko'pchilik faktorlar rol o'ynaydi. Shulardan eng asosiysi, Hamas guruhi jangchilarini yearli darajada harbiy tayyorgarlikka ega emasligi. Eron rasmiy jihatdan Hamasga "harbiy yordam" ko'rsatganligini ta'kidladi. Hamas tomonidan ishlatilayotgan asosiy raketa Fajr-5 bo'lib, uning mo'ljalining uzoqligi o'rtacha 75 kmga tengdir. Harbiy nuqtai nazardan olib qaraganda bu juda yahshi natija beruvchi quroldir, lekin G'azodagi bo'lib o'tgan to'qnashuvda Hamas a'zolari uni ishlatishda nacha qiyinchiliklarga duch kelgani aniq, otilgan raketlardan 90% yoki noqaniq nishonga olinmagan yoki trayektoriyani yetarlicha hisobga olinmasdan otilgan. Bunday pala-partish o't ochishlar Isroilni 1 hafta davomida G'azoga hujumni qattiqqo'llik bilan ushlab turishida bahona bo'ldi, garchi qurbonlar soni G'azodagiga qaraganda 30 marta kam bo'lsa ham. Undan tashqari bu qurollarni anqilik bilan ishlatishda Hamas vakillariga havodan keluvchi hujumlar halaqit berganligi aniq. Chunki G'azo o'z hududining strategik jihatdan Isroilga nisbatan o'ta "nomaqbul" joylashganligi bilan ajralib turadi. G'azoning umumiy yer maydoni 360 km² bo'lib, 41 km g'arbiy qismi O'rta yer dengizi qirg'og'i bo'lib qolgan deyarli barcha tomonlari Isroil hududi bilan o'rab olingan. Misr bilan chegaradosh qismi bo'lishiga qaramasdan shu davrgacha Misr G'azoga to'g'ridan to'g'ri harbiy yordam berishdan ko'ra Isroil bilan tinchlikni saqlab turishni afzal ko'rgan. Hududning kengligi 6 kmdan 12 kmgacha cho'ziladi. Bu esa unga harbiy jihatdan juda ham nozik vaziyat tug'diradi, hudud ustidan qiruvchi reaktiv samolet 1 sekund ichida uchib o'tishi mumkin, ayni paytda hududdagi nishonni Isroil hududidan turib mo'ljalga olishi mumkin. Bunday holatda har qanday harbiy himoyaga ega bo'lgan hudud ham tashqi hujumlarga bardosh berishi qiyin, chunki tayanch nuqtani o'zini yaratishni iloji yo'q.


G'azo hududi

Undan tashqari bu hududning aholisi 1 mln 700 ming kishidan ortiq bo'lib, aholi zichligi 1 km²ga o'rtacha 4700 kishidan to'g'ri keladi. Sizlarga tasavvur hosil qilish uchun bir misol, o'zbekiston respublikasining eng kichik viloyatlaridan biri bo'lmish Andijon viloyatining umumiy yer maydoni 4200 km²ga teng (ya'ni G'azodan 10 barobardan ham kattaroq), umumiy aholi soni 1 mln 800 mingdan oshiqroq, aholi zichligi o'rta hisobda 1km²ga 450 kishidan to'g'ri keladi (bu esa mamlakatimizning eng zich viloyatidir), ya'ni G'azodagi zichlikdan 10 barobar kam. Bunday aholining ko'pligi va zichligi Hamas uchun ham ijobiy, ham salbiydir. Ijobiy tomoni shundaki, xududning kichkinaligi sababli harbiy tayyorgarlik va hujumlar tez orada Isroil tomonidan nishonga olinishini oldini olish uchun Hamas guruhi a'zolari aholiga "qorishgan" holartda jang olib borishlari, tayyorgarlik ko'rishlari, tarqalishlari va yig'ilishlari mumkin, aholi to'dalari orasida Isroil uchun ularni ajratib olishni deyarli iloji yo'q. Salbiy tarafi esa bu aholi zichligi oqibatida va Hamasning aholi bilan "qorishib" jang qilishi oqibatida qurbonlar sonining ko'pligidir. Ohirgi to'qnashuvda Isroil hujumlari nishonlar aniqligiga unchalik diqqat e'tibor ajratmagani aniq, chunki qurbonlarning yarmidan ko'prog'ini ayollar va voyaga yetmagan bolalar tashkil qilgan.
Yana boshqa faktorlardan biri Hamas guruhiga tayanch bo'luvchi bevosita hudud yoki davlatning yo'qligidir. Garchi Eron Hamasni jiddiy ravishda qo'llab quvvatlagan bo'lishiga qaramasdan, ularning hududlari bir biridan ancha yiroqda joylashganligi va Arab davlatlari bilan Eron o'rtasidagi qarama qarshiliklar bunday qo'llab quvvatlashlarni zaiflashtiradi. o'z navbatida Arab mamlakatlari Isoil bilan bu mojarolar ustida jiddiy munozaralar olib bormaganlar. Har safargi to'qnashuvlardan keyin "Vaqtinchalik bitimlar" bora bora Isroilning yoki Hamasning hujumlari bilan buzilib, ma'lum qurbonlar berilgandan so'ng yana bir biriga tegmaslik siyosati bilan davom etadi.

Ushbu to'qnashuv Yaqin Sharq mojarolarida Isroilning ham siyosiy, ham strategik jihatdan ustunligini yana bir bor isbotlab berdi. Eron parlamenti va Oliy Yo'lboshlovchisi Oyatullo Homeneyning Isroilga qarshi radikal deklaratsiyalari faqatgina Eronning bu masalada yakkalanib qolganini yaqqol ko'rsatib berdi. Arab mamlakatlari bu bayonotlarga na hayrihohlik bildirishdi, na Hamas guruhini qo'llab quvvatlovchi amaliy yordamlarni ko'rsatmadilar. Hatto "Arab Bahorlari"dan keyin asosan Musulmon Birodarlari ta'siri ostida boshqarilayotgan Misr ham G'azo hududining to'g'ridan to'g'ri himoyachisi bo'la olmasligini ko'rsatib berdi. Garchi Hamas a'zolari to'qnashuvlarni Misr va Isroil o'rtasida kelishmovchiliklarni keltirib chiqarish maqsadida Misr bosh vazirining G'azoga tashrifi paytida uyushtirishgan bo'lishiga qaramasdan, bu strategik manyovr faqatgina 140 ta kishining hayoti va G'azoning vayronagarchiliklari bilangina mukofotlandi. Misr va Isroil o'rtasidagi o't ochishni to'htatish haqidagi kelishuv esa bu ikki mamlakatning mavhum aloqalarini yorqin pozitsiyaga chiqarib berdi. 

Hulosa qilib shuni aytishimiz mumkinki, Yaqin Sharq muammolari urush va to'qnashuvlar orqali yechilmasligi kunday ravshan bo'lib qoldi. Nima bo'lgan taqdirda ham Isroil bilan muzokaralarni diplomatik yo'l bilan hal qilish lozimdir. Aks holda G'azo hudud ham, Falastin ham umumiy ravishda Isroilning yahshi tayyorgarlikdan o'tgan va kuchli harbiy texnologiyalariga ega bo'lgan qo'shni tomonidan ohirgi marta hujumga uchrashlari va dunyo siyosiy haritasidan butunlay o'chirilishlari mumkin. Falastin hozirgi kunda BMTga a'zolikka ariza bergan, Hamas guruhi o'sha a'zolikka o'zini qurbon qilgan holatda G'azoni ham taqdim etishi lozim, ya'ni G'azo hududini tolaligicha Falastinga topshirgan holda. Keyinchalik Falastin BMTga a'zo bo'lib teng huquqli mamlakat tusini olgandan keyin, o'ziga yarasha kuch to'plagandan so'ng, ana o'shandagina Isroil bilan hech ikkilanmasdan muzokaralar olib bora oladigan bo'ladi. Isroilning pozitsiyasi ham radikal guruhlarning kamayishi bilan yumshashi va Falastin bilan birgalikda ma'lum iqtisodiy zonalar yaratish uchun Sionistik ideologiylaridan cheklanishi mumkin. 




Комментариев нет:

Отправить комментарий